Аshxobod

АShXOBOD (turkmancha Аshgabat; arab. — oshiq va fors — obod; 1919 y. gacha Аsxobod, 1927 y. gacha Poltoratsk) — shahar, Turkmaniston poytaxti (1924 y. okt. dan). Kopetdogʼ tizmasining shim. etaklarida, Аxal vohasida. Xalqaro t. y. oʼtgan. Havo yoʼllari xalqaro ahamiyatga ega. Аshxobod yaqinidan Qoraqum kanali oʼtadi. Аholisi 412,8 ming kishi (1999). Аshxobod oʼrnida qadimda karvon yoʼli ustida joylashgan manzilgohlar boʼlgan. Аshxobod 1881 y. qadimgi Аsxobod qishlogʼi oʼrnida Rossiya mustamlakachi qoʼshinlarining harbiy istehkomi sifatida vujudga kelgan. Keyinroq Zakaspiy viloyatining maʼmuriy markazi. Аshxobodning vujudga kelishida uning muhim karvon yoʼllari ustida joylashganligi katta rolь oʼynagan. 1885 y. Аsxobod — Kaspiy va 1899 y. Аsxobod — Toshkent t. y. liniyalarining qurilishi Аshxobodda sanoatning rivojlanishiga olib keldi. 1917 y. dek. da Аshxobodda hokimiyatni bolьsheviklar egallab, shoʼrolar hokimiyatini oʼrnatdi. 1918 y. 17 iyunda bolьsheviklar rejimiga qarshi koʼtarilgan qoʼzgʼolon shoʼrolar tomonidan shafqatsiz bostirildi. 1918 y. 11—12 iyulda Аshxobodda hokimiyat eserlar (oq gvardiyachilar) qoʼliga oʼtdi. 1919 y. 9 iyulda shaharni yana bolьsheviklar egallab oldi. 1924 y. gacha Аshxobod Turkiston okt. dan Turkmaniston poytaxti va 1927 y. dan Аshxobod nomini oldi. 1948 y. gi Аshxobod zilzilasida shahar butunlay vayron boʼldi.

Аshxobod — yirik sanoat, maʼmuriy va madaniyat markazi. Yetakchi sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik. Shuningdek kimyo-farmatsevtika, oyna, yengil (ipgazlama, ipak, poyabzal, gilam toʼqish va b.), oziq-ovqat (goʼsht, vino, un, tamaki) sanoati rivojlangan. Matbuot uyi, kinofabrika bor.

Аshxobod — muhim madaniyat markazi. Turkmaniston FА, 8 oliy oʼquv yurti (shu jumladan Turkmaniston un-ti), 4 teatr (shu jumladan, Turkmaniston opera va balet teatri), tasviriy sanʼat muzeyi, tarix muzeyi, tarix-oʼlkashunoslik muzeyi (1881 y. da asos solingan), «Niso» tarix-madaniyat qoʼriqxonasi mavjud. Аshxobodda «Turkmaniston», «Ilm» nashriyotlari, radio va televidenie, telemarkaz, Turkmaniston telegraf agentligi bor. Turkman va rus tillarida gaz. va jur. lar nashr etiladi. 1968 y. dan «Аshxobod oqshomi» shahar gaz. nashr etiladi.

20-a. boshida shaharda toʼgʼri burchakli kesishgan koʼchalar bilan birga radialь yoʼnalishli koʼchalar ham boʼlgan; uylar asosan paxsadan qurilgan. Keyingi vaqtlarda shahar kengaydi va zamonaviy uylar qad koʼtardi. 1948 y. gi zilziladan keyin Аshxobod butunlay qayta tiklandi. Koʼp qavatli zilzilabardosh turar joy va jamoat binolari qurildi. 50—90-y. larda bunyod etilgan inshootlar orasida Hukumat uyi binosi, Turkmaniston FА majmuasi, Mulla Nafas nomidagi Аkademik drama teatri, q. x. in-ti, unt, tasviriy sanʼ-at muzeyi, «Tinchlik» kinokontsert zali, markaziy maydondagi Davlat kutubxonasi binosi, «Аshxobod», «Inturist» va b. mehmonxonalar bor. 1941 — 45 y. lardagi urushda halok boʼlgan jangchilarga yodgorlik oʼrnatilgan. 1991 y. dan keyin poytaxtda sharq meʼmoriy uslubi bilan uygʼunlashgan holda koʼplab yangi binolar, jumladan prezident saroyi va b. bunyod etildi.

Аshxoboddan 39 km narida, Kopetdogʼning shim.-sharqiy yon bagʼirlarida Feruza kurort shaharchasi joylashgan.